Farzandlarimizga kitob o'qishni o'rgataylik!

Farzandlarimizga kitob o'qishni o'rgataylik!

Muhtaram Prezidentimizning quyidagi so’zlariga e’tibor bersak – "Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro’ – e’tibori avvalambor farzandlarimizning unib – o’sib, ulg’ayib, qanday inson bo’lib hayotga kirib borishiga bog’liqdir. Biz bunday o’tkir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak.” Shu so’zlarning o’zida bizga prezidentimiz tomonidan ulg’ayib kelayotgan avlodning esli, xushli va ma’naviyatli bo’lib o’sishi javobgarlik qilib belgilab berilmayaptimikan?.

Texnika rivoji asri bo’lmish XXI asr insonlarga talaygina qulayliklar va muammolar tug’dirayotganini barchamiz ko’rib va anglab turibmiz. O’z davrida ingliz olimi A. Eynshteyn shunday ma’nodagi soz’larni aytgan: "Qo’rqamanki, bir kun kelib texnologiya insonlarning bir – birlari bilan aloqasini egallab oladi va shunda bizning oldimizda fikrsiz avlod yuzaga keladi”. Farzandlarimiz soatlab o’tkazadigan ijtimoiy tarmoqlar, kompyuter o’yinlari hozirgi kunga kelib biz uchun zamonimizning oddiy bir xoli bo’lib qoldi. Ilm olish maqsadida texnik jihozlardan foydalanish albatta yaxshi, lekin tan olishimiz kerakki buning aksi bo’lib kelayapti. Hozirda farzandiga telefon olib berayotgan ota – ona uning uchun yaxshilik qilayotgandek nazarida. Lekin har oyda olingan oyligiga bittadan badiiy kitob olsa ma’qulroq emasmi?

O’qituvchi sifatida o’quvchilarimning ijodiy va yaratuvchanlik fikrlarini bilishga harakat qilaman va shunda ulardagi past fikrlilikni ko’rib hayron bo’laman. O’quvchilarimdan "Ohirgi o’qigan badiiy kitoblaringiz haqida gapiring” deb savol berganimda, hech qanday badiiy kitob o’qimaganliklari yoki bir nechta xalq ertaklarini ayta olishadi holos. Bundan juda afsuslanaman. Ahir kitoblardagi har bir ma’lumot ma’naviyatimiz uchun juda kerak-ku!

Aziz yurtdoshim, hamnafasim va hamzamonim! Farzandlarimizning kelajagi bizning qo’limizda, ularni ilmli, kuchli dunyoqarashga va teran fikrli bo’lib o’sishida kitobning ahamiyati qanchalik kattaligini anglab olaylik. Oilamizdagi murg’ak qalblarda kitobga mehr uyg’otaylik.

3–4 yoshli farzandimizni mutolaaga o’rgataylik, toki ular ilk qadam bosishlaridan boshlab uyimizdagi chiroyli shkaf javonlarda billur idishlarni emas, balki bir qator bo’lsa-da kitoblarni ko’rishsin va kitob mutolaa qilishning ahamiyatini anglashsin. Quyida xorij matbuotidan va ba’zi o’zimni izlanishlarimdan hosil bo’lgan mulohazlarimnisiz bilan bo’lishmoqchiman. Umid qilamanki, ushbu maslahatlar ota – onalarni befarq qoldirmaydi va farzandlariga kitobga mehr uyg’otishiga ruhlantiradi:

– Farzandingizga 3-4 yoshidan boshlab qisqa shakldagi, suratli kitoblarni oqib bering. 3-4 yoshlik bolalar harakatchan bo’lishadi va uzun, suratsiz kitoblardan tez zerikishadi. So’zlarni o’qiyotganingizda sekinlik bilan o’qing va suratdagi qahramonlarni barmog’ingiz bilan ko’rsatib keting, chunki ularda bosh qahramonlar haqida tasavvur paydo bo’ladi.

– Farzandingiz hali maktabga bormasidanoq ularga harflarni taniting. Harflarni ularga birma – bir ayttiring va yodida saqlash uchun har qanday qulay vaziyatdan foydalaning. Masalan, uyingizdagi jihozlarni ko’rsatib ularni qanday harflar bilan boshlanishini aytib keting. Bolaga yanada qiziqarli bo’lishi uchun, kompyuter o’yinlaridan ham foydalanishingiz mumkin.

– Endi o’sib kelayotgan bolaning harflarni tog’ri talaffuz qilishi juda qiyin bo’ladi. Bola o’zining "chuchuk” tilida harflarni aytsa, ularga tanbeh bermang. Bu holat keyinchalik to’g’rilanib ketadi. Avval qisqa unli va undoshlar, undan so’ng uzun unli va undoshlarni o’rgating.

– Yosh mutolaachiga harflarni takrorlash, harflar aks etgan qo’llanmalar orqali harflarni xotirada muxrlab qolishni o’rgatishimiz mumkin. Mashqlar bajarilgandan so’ng bolalarni xotirasini tekshirib ko’rish uchun, harflar aks etgan qo’llanmalarni aralashtirib, istagan so’zimizni aytib unda ishtirok etgan harflarni topishni so’rashimiz mumkin. Yoki istagan bir suratli kitobni olib, matnlarni tashkil qilgan istagan harfimizga ko’rsatib yosh o’rganuvchidan uni aytishni so’rashimiz mumkin.
– Farzanding bilan ishlayotganingizda, imkon qadar sabrli bo’lishni so’rayman. Zero, sabrning tagi – sariq oltin.

Albatta, agar harf o’rgatish mashg’ulotlarimiz muntazam olib borilsa, farzandimiz tez orada o’qishni o’rganadi va ko’z o’ngimizda bizning ozgina mashaqqatli mehnatimiz orqali maktabga bormasdanoq o’qishni bilgan va albatta kitobga mehr bergan yosh mutolaachi paydo bo’ladi. Eng asosiysi biz farzandimiz kamoloti uchun muhim bo’lgan qadamlardan birini tashlagan bo’lamiz.

Aziz zamondosh! Oiladagi murg’ak qalblarning kelajagi bizning qo’limizda. Vatanimiz kelajagi uchun barchamiz mas’ulmiz. Har birimizning oilamizda o’sayotgan O’zbekiston kelajagi bo’lmish avlodlarni keng fikrli, ma’naviyatli, ma’rifatli qilib tarbiyalaylik. Umid qilamanki, yaqin kelajakda, viloyat, shahar, mahalla, maktab kutubxonalari biz bilan sizning harakatlarimiz tufayli kitob sevuvchi bolajonlar bilan to’la bo’ladi! 
manba: sadikov.uz
скачать dle 12.1

O‘xshash yangiliklar

YOPISH